E-mail: rasul_atamuratov@mail.ru Murojaat uchun: +99890-111-9596
O'zb Рус Eng
Tarix platformasi

Yangi O‘zbekiston

Bosh sahifa > Eng yangi davr tarixi > Yangi O‘zbekiston

Yangi O‘zbekiston

Ta'lim

“Yangi O‘zbekiston” tushunchasi 2016 yildan boshlab mamlakat taraqqiyotida boshlangan yangi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy islohotlar davrini anglatadi. Bu davr O‘zbekistonning rivojlanish modelini modernizatsiya qilish, ochiqlik va oshkoralik siyosatini qaror toptirish, xalq manfaatlarini ustuvor qo‘ygan davlat boshqaruvini shakllantirish, inson huquqlarini ta’minlash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni o‘zida mujassam etadi. Yangi O‘zbekiston g‘oyasi davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida yangilanish, taraqqiyot, demokratik qadriyatlar, xalq bilan davlat o‘rtasidagi masofani qisqartirish, erkin iqtisodiy muhit yaratish, yoshlar va inson kapitaliga tayangan rivojlanish strategiyasini anglatadi.

Bu davrning eng asosiy o‘ziga xos jihatlaridan biri – islohotlarning xalq manfaatlariga qaratilishi va ularning amaliy natijalar bilan bog‘liq holda amalga oshirilishidir. Davlat boshqaruvi tizimida xalq bilan muloqot yangi tamoyil sifatida joriy etildi. Xalq qabulxonalari, ochiq eshik siyosati, prezident va hukumat idoralarining aholiga bevosita murojaati va murojaatlarni hal qilish tizimi davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamladi.

Iqtisodiy sohada bozor islohotlari chuqurlashtirilib, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, soliq tizimining soddalashtirilishi, tadbirkorlik faoliyatining erkinlashtirilishi, kichik biznes va yirik investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilishi Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotining poydevoriga aylandi. Yangi sanoat korxonalari, texnoparklar, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etildi, qishloq xo‘jaligida klaster tizimi joriy qilindi, raqamli iqtisodiyot rivojlantirila boshlandi.

Tashqi siyosatda O‘zbekiston ochiqlik, hamkorlik va mintaqaviy barqarorlikka asoslangan yangi yo‘nalishni tanladi. Markaziy Osiyodagi barcha qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatildi, iqtisodiy, transport, suv, chegara va xavfsizlik borasida muhim kelishuvlar yaratildi. Xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘si oshib, davlat global muloqotlarning faol ishtirokchisiga aylandi.

Siyosiy va huquqiy tizimda ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi: sud-huquq tizimi isloh qilindi, odil sudlov tamoyillari mustahkamlandi, fuqarolik jamiyati institutlari kuchaytirildi. Inson huquqlarini himoya qilish, ayollar va yoshlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng dasturlar ishlab chiqildi. 2021 yilda qabul qilingan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” mamlakatning 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha rivojlanish maqsadlarini belgilab berdi.

Ijtimoiy sohada ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy siyosati, transport va infratuzilma rivoji alohida e’tibor qaratilgan yo‘nalishlardir. Oliy ta’lim qo‘llab-quvvatlandi, xorijiy oliygohlar filiallari ochildi, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Raqamli transformatsiya jarayonlari kuchaytirilib, davlat xizmatlari elektron shaklga o‘tkazila boshlandi.

Yangi O‘zbekiston — xalqning orzu-intilishlari va taraqqiyotiga tayanadigan, zamonaviy demokratik qadriyatlarga asoslangan, kuchli iqtisodiyot va mustahkam fuqarolik jamiyatiga ega bo‘lgan yangi davlat modelidir. Bu g‘oya mamlakatning ertangi kunini barpo etishda har bir fuqaroning faol ishtiroki, adolat va taraqqiyot ustuvorligi, tinchlik va farovonlik tamoyillarining ustivorligini anglatadi.